TOShKENT, 23 sen – Sputnik. O‘zbekiston Adliya vazirligi 2018-yilning 6 oyi davomida respublikada faoliyat yuritayotgan barcha notariuslar faoliyati sifatini 100 balllik tizim bo‘yicha baholab, uning natijalarini e’lon qildi.
Notariuslar reytingi shakllantirishda quyidagi ko‘rsatkichlar hisobga olindi: amalga oshirilgan notarial harakatlar soni, ixtisoslashuvning mavjud yoki mavjud emasligi, meros ishlar, garov shartnoma va ipoteka shartnomalar soni, sayyor tartibda tasdiqlangan notarial harakatlar, kelib tushgan shikoyatlar, haqiqiy emas deb topilgan harakatlar, qo‘llanilgan intizomiy jazo choralar, sirli mijoz va reyd tadbirlarida aniqlangan holatlar, o‘tkazilgan huquqiy targ‘ibot va boshqa tadbirlardagi ishtiroki va sohani rivojlantirishdagi faolligi.
Reyting ballar e’lon qilinganidan so‘ng O‘zbekiston bo‘yicha 651 notariusdan 28 nafari «a’lo», 268 nafari «yaxshi», 278 nafari «qoniqarli» va 77 nafari «qoniqarsiz» baho oldi.
Hududlar bo‘yicha esa reytingdagi yuqori o‘rinni Toshkent, Navoiy va Xorazm viloyati, quyi o‘rinlarni esa Toshkent shahri, Jizzax va Buxoro viloyatlari egalladi.
Ro‘yxatdagi eng yuqori — 98 ballga Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi 7-notarius, eng past — 21 ballga esa Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi 6-notarius loyiq ko‘rildi.
Adliya vazirligi tomonidan tuzilgan notariuslar reytingi bilan batafsil quyida tanishishingiz mumkin.