TOShKENT, 8 sen - Sputnik. O‘zbekiston prezidentining 28-avgustdagi Farmoniga binoan, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro burosi Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani bo‘limi boshlig‘i Jo‘rayev Bahrom Abdisattorovich (marhum) "Jasorat" medaliga loyiq ko‘rildi, deb xabar bermoqda "Uznyus"nashri.
Ilgariroq xabar berilganidek, 2018-yil 3-may kuni MIBning Yakkabog‘ tuman bo‘limi sobiq davlat ijrochisi I.Shavkatov o‘ziga tegishli buyumlarni olib ketish uchun avval ishlagan ish xonasiga kelganida, sobiq boshlig‘i marhum Bahrom Jo‘rayev bilan janjallashib qolgan.
Shavkatov janjal davomida yonida bo‘lgan pichoq bilan Jo‘rayevga tan jarohati yetkazgan.
Sog‘ligi yomonlashgan Jo‘rayevga avval Qashqadaryoda, keyinchalik, Toshkentda tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shunga qaramay u 1-avgust kuni Toshkent shahridagi Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markazining jonlantirish bo‘limida vafot etgan.