TOShKENT, 6 sen – Sputnik. Toshkent shahrida joylashgan yirik savdo tashkilotlarining 11 nafar rahbarlari ushbu yilning 23-avgust kuni hibsga olingan edi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi.
Ular orasida Toshkent shahar Savdo departamenti, xizmatlar ko‘rsatish va xalq iste’moli tovarlarini ishlab chiqarish sohasidagi korxonlar va “Bek to‘pi savdo kompleksi”, “Chorsu buyum savdo kompleksi”, “Chilonzor buyum savdo kompleksi”, “O‘rikzor savdo kompleksi” AJ bozorlari, “Eski Juva dehqon bozori”, “Yunusobod dehqon bozori” va “Sergeli avtotransport va ehtiyot qismlari bozori” dehqon bozorlari mansabdor shaxslari bor.
Dastlab, internet OAVlarida tarqalgan xabarldarda, savdo tashkilotlari rahbarlari o‘tgan qish mavsumida piyoz chirishi bilan bog‘liq holat yuzasidan hibsga olingani xabar qilingan edi, lekin Bosh prokuratura xabarida aytilishiga ko‘ra ular yana bir qator jinoyatlarda ayblanmoqda, xususan:
– sifatsiz mahsulotlar xarid qilish va ularning buzilishiga yo‘l qo‘yish orqali davlatga 27,7 mlrd. so‘m miqdorida zarar yetkazish;
– bozorlar hududida pullik xizmatlar ko‘rsatish natijasida kelib tushgan 3 mlrd. so‘mdan ortiq pul mablag‘larini inkassatsiya qilmaslik orqali o‘zlashtirish;
– hisobga olinmagan va noqonuniy qurilmalar (omborxonalar va yengil tuzilmalar) faoliyatidan kelib tushgan 2 mlrd. so‘mdan ortiq pul mablag‘larini o‘zlashtirish;
– savdo nuqtalari faoliyatidan kelib tushgan 1 mlrd. so‘mdan ortiq davlat mablag‘larini ijara to‘lovlarini topshirmaslik orqali talon-toroj qilish;
– savdo nuqtalarini realizatsiya qilish natijasida tadbirkorlardan 2 dan 5 ming AQSh dollari miqdorigacha noqonuniy pul mukofotlarini olish.
"Mazkur holatlar yuzasidan Savdo departamenti va bozorlarning mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayb e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan", - deyilgan xabarda.
“Yunusobod dexkon bozori” AJ rahbarlari O.Mustayev va B.Yusupovlar tomonidan yetkazilgan 800 mln. sum atrofidagi zarar, shuningdek “Toshkent ozik-ovkat zaxira” DUK direktori R.Rasulov tomonidan yetkazilgan 3,9 mlrd. sum atrofidagi zararning to‘langanligini inobatga olgan holda ularga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot chorasi ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyot chorasiga o‘zgartirildi.
Jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.