TOShKENT, 6 sen – Sputnik. Birinchi Jurnalistika universitetining birinchi rektori bo‘lish juda ma’suliyatli vazifadir – deydi Sherzod Qo‘dratxo‘jayev, Sputnik muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda.
Ushbu universitetni tashkil qilish haqidagi prezident qarorining imzolanishi, O‘zbekiston jamoatchiligi hamda shaxsan prezidentning o‘zi ham jurnalistlardan katta natijalar kutayotganidan darak beradi.
Shu bilan birga Universitet ochilishi jurnalistlarga yangi vazifalar yuklaydi. Biz O‘zbekiston jurnalistikasi dunyoning boshqa mamlakatlari jurnalistikasidan hech qanday farq qilmasligini istaymiz.
Shuningdek, biz ushbu universitetning birinchi talabalari ham o‘zlarining tarixiy rolini tushunib yetishlarini, jamiyat ulardan qanchalik ko‘p narsalar kutayotganini tushunishlarini istaymiz.
Bularning hammasi ular qanday o‘qishi, qanday kadrlar bo‘lib yetishishi hamda ertangi kunda qanday faoliyat olib borishlari kerakligiga katta ta’sir qiladi.
Bugun O‘zbekistonga oliy ta’limga va keng dunyoviy bilimlarga ega bo‘lgan hamda o‘z ishini sevgan jurnalistlar juda ham kerak.
Biz jurnalistlar tayyorlashda mutlaq yangi platforma yaratmoqdamiz. Bu yerda yetakchi Yevropa mamlakatlari ta’lim tizimining yutuqlari hamda sharqona ta’lim tizimi elementlari mujassamlashgan bo‘ladi.
"Maqsadimiz – mutlaq zamonaviy, aql bilan ish tutuvchi va mobil jurnalistlar tayyorlashdir", - deydi Sherzod Qudratxo‘jayev.
Albatta universitet o‘z-o‘zidan rivojlana olmaydi, shuning uchun biz Moskva, Sankt-Peterburgdagi jurnalistika universitetlari, Turkiyaning 6ta yetakchi universiteti, Koreya va Italiya universitetlari bilan muzokaralar olib bormoqdamiz va hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Hamkorlik doirasida talabalar bilan almashish ham nazarda tutilgan.