Bu yil 1kg terilgan paxta uchun necha pul to‘lanishi ma’lum bo‘ldi

Bu yil qo‘l bilan terilgan paxtaning 1 kilogrami uchun - 650, 850 va 1000 so‘mdan ish haqi to‘lanadi.
Sputnik

TOShKENT, 6 sen – Sputnik. O‘zbekistonda 1 kg qo‘lda terilgan paxta uchun 650 so‘m to‘lanishi belgilandi, deb xabar qilmoqda Daryo.uz nashri.

Bu haqida kecha bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida bo‘lib o‘tgan majsilda xabar qilingan.

“Qo‘lda terilgan bir kilogramm uchun birinchi bosqichda kontraktatsiya shartnomasi 60 foizgacha bajarilgunga qadar 650 so‘m, ikkinchi bosqichda – 60 foizdan 80 foizgacha 850 so‘m, uchinchi bosqichda – 80 foizdan ortganda 1000 so‘mdan ish haqi to‘lash belgilandi”, - deyilgan xabarda.

Paxta xom ashyosi mashinada terilganda bir tonna uchun 400 ming so‘m to‘lanadi.

Bundan tashqari, aholi kam bo‘lgan hududlar uchun alohida tartib belgilanib, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarining barcha tumanlarida, shuningdek Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Nishon va Kasbi, Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Muzrabot tumanlarida Moliya vazirligi huzuridagi qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan qo‘lda terilgan bir kilogramm paxta uchun qo‘shimcha 150 so‘m, oziq-ovqat xarajatlariga 150 so‘m, jami 300 so‘m ustama haqi to‘lanadigan bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilda qo‘l terimi uchun – 450 so‘m, 500 so‘m va 700 ish haqi belgilangan edi.