Toshkent IIBB: bolani tizzasiga o‘tqazib, mashina boshqargan ayolga chora ko‘riladi

Ayni vaqtda maxsus xodimlar ayolning shaxsini aniqlash bilan shug‘ullanmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 5 sen — Sputnik. Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, bolani tizzasiga o‘tqazib, mashina boshqargan ayolga nisbatan choralar ko‘riladi.

Bolani tizzasiga o‘tqazib, mashina haydab ketayotgan ayol videoga olindi

Ayni vaqtda maxsus xodimlar ayolning shaxsini aniqlash bilan shug‘ullanmoqda. 

Ushbu ayol tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklarga kelsak: Birinchidan, Yo‘l harakati qoidalariga muvofiq 12 yoshga to‘lmagan bolalarni motosiklning orqa o‘rindig‘ida yoki avtomobilning old o‘rindig‘ida olib yurish taqiqlanadi (bolalarga mo‘lajallangan maxsus o‘rindiqli holatlar bundan mustasno). Bu videoda O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik kodeksining 128-moddasi buzilgani aniqlangan. Agar bu qoidabuzarlik birinchi marta sodir etilgan bo‘lsa, ayolga nisbatan eng kam ish haqining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solinishi mumkin.

Bundan tashqari, videodan ayolning avtomobilni xavfsizlik kamarani taqmay boshqargani payqalgan. Shu sabab unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik kodeksining 125-moddasiga ko‘ra, eng kam ish haqining beshdan bir qismi miqdorida jarima solinishi mumkin.  

Toshkent IIBB tomonidan haydovchilarni avtotransport vositalarni boshqarayotganda voyaga yetmagan bolalarni tizzaga o‘tqazmaslik, farzandlarni asrash, yo‘l harakat qoidalarini buzmaslik hamda mashinada bolalarni maxsus o‘rindiqlarda olib yurish bo‘yicha tavsiyalarga qat’iy rioya qilish so‘ralgan.