Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonga keldi

Shavkat Mirziyoyev Chulpon ota shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ishtirok etadi.
Sputnik

TOShKENT, 3 sen - Sputnik. Shavkat Mirziyoyev 3-sentabr kuni Qirg‘izistonning Cho‘lpon ota shahriga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati. 

"Issiqko‘l aeroportida davlatimiz rahbarini Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Kubatbek Bo‘ronov va boshqa rasmiy kishilar kutib oldi. Shavkat Mirziyoyev bu yerda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida faxriy mehmon sifatida ishtirok etadi", - deyilgan xabarda. 

Mazkur a’zo davlatlar rahbarlari sammiti Qirg‘izistonning Cho‘lpon-ota shahrida bo‘lib o‘tadi. Unda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev, Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an va Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov qatnashadi. Vengriya Bosh Vaziri Viktor Orban ham oliy toifadagi yig‘ilishning faxriy mehmoni bo‘ladi.

Turkiy tilli davlatlar sammiti ilk bor 1992-yilda Ozarbayjonda o‘tkazila boshlagan. Bugungi kunda ushbu tashkilotga Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo bo‘lishgan. O‘zbekistonni ushbu sammitga bir necha bor taklif etilganidan so‘ng 2018-yilning aprel oyida, Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga bo‘lgan safari vaqtida, Sammitda ishtirok etishi e’lon qilingan edi.