TOShKENT, 2 sen – Sputnik. GM Uzbekistan o‘z xaridorlariga qulayliklar yaratishda davom etmoqda - 1-sentabr kuni kompaniya “Ochiq osmon ostidagi savdo maydonchalari” tashkil etilishini e’lon qildi.
Yaqin vaqt ichida respublika hududidagi barcha mashina bozorlarida GM Uzbekistan avtomobillari rasman sotila boshlaydi. Mashina bozorlarida tashkil qilinayotgan savdo maydonchalarida kompaniyaning malakali mutaxassislari xaridorlarga kerakli ma’lumotlarni taqdim etadi.
"45 daqiqa ichida avtomobil" dasturiga muvofiq tashkil qilingan ushbu savdo maydonchalarining eng birinchisi Toshkent shahridagi Sergeli mashina bozori hududida ishga tushadi.
“Ilk savdo maydonchasi Toshkent shahrida Sergeli avtomobil bozori hududida, ushbu dam olish kunlari tashkil etiladi. Savdoga 1475 dona "Spark", "Kobalt" va "Lasetti" avtomobillari qo‘yiladi. GM Uzbekistan vakillari kerakli tavsiyalarni berib mahsulot haqida batafsil ma’lumot taqdim etishadi” – deyilgan xabarda.
Kompaniya shuningdek, qanday modeldagi avtomobil xarid qilinishidan qat’iy nazar, mijozlarga velosiped sovg‘a qilishni va’da bermoqda. GM Uzbekistan matbuot xizmati xabariga asosan.