Jizzax viloyati butun dunyodan investorlarni chorladi

Jizzaxda Xalqaro investitsion forum o‘z ishini boshladi. Tadbir Jizzax viloyatining investitsion salohiyatini namoyon etish hamda ishlab chiqaruvchilar milliy ko‘rgazmasini tashkil etishga qaratilgan.
Sputnik

TOShKENT, 30 avg - Sputnik. 2018-yilning 29-30 avgust kunlari Jizzaxda ilk marotaba Xalqaro investitsion forum o‘z ishini boshladi, deb xabar qildi tadbirda qatnashgan Sputnik O‘zbekiston muxbiri .

Jizzaxda Chevrolet Tracker namoyish etildi

Mazkur xalqaro miqyosdagi biznes forumda dunyoning Belarus, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gretsiya, BAA, Isroil, Hindiston, Latviya, XXR, Rossiya, Turkiya, AQSh, Janubiy Koreya singari 25 davlatidan 200 dan ortiq ishtirokchilar qatnashdi.

Investitsion forumni o‘tkazishdan maqsad - xalqaro ishbilarmonlik doiralari vakillarini Jizzax viloyatining iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish darajasi bilan tanishtirish, tadbirkorlik va investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish.

Tadbirda investorlar va xorijiy tashkilotlar vakillariga Jizzax ulkan salohiyatga ega viloyatligi xususida so‘zlab berildi. Xususan, viloyatning geografik hududda joylashgani alohida ta’kidlab o‘tildi.

Jizzaxning yana bir o‘ziga xos jihati - tog‘lar va tog‘ yonbag‘irlari tarkibida temir, oltingugurt, vodorod, radiy, kremniy kislotasi, karbon gazi, ishqorli termominerallar va shifobaxsh suv manbalari borligi aytildi.

Rivojlanayotgan hududlardan biri sanalgan Jizzax viloyati, tadbirda ekspertlar tomonidan ta’kidlanganidek, investitsion loyihalarning asosiy nuqtalaridan biriga aylanishi mumkin. Hududning barcha imkoniyatlari 2 kunlik forum doirasida to‘liq namoyon etilishi ko‘zda tutilgan.

Tadbir davlat investitsiyalar qo‘mitasi, Jizzax viloyati hokimligi, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi hamkorligida o‘tkazildi.