TOShKENT, 28 avg — Sputnik. FVV Toshkent shahrida yuz bergan kimoviy avariya tafsilotlari ma’lum qildi.
27 avgust kuni soat 21:45 da Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi navbatchi-dispetcheriga Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi "Chuqursoy" ko‘chasida joylashgan "Universal logistik servis" MChJ temir yo‘l stansiyasida konteyner ichida temir idishlardagi "Gidrosulfat natriya" tutayotganligi va yonayotganligi to‘g‘risida xabar kelib tushdi.
Ushbu kimoviy modda stansiyaga shu yil 20-avgust kuni kelib tushgan va saqlanib kelingan.
Vaziyat bo‘yicha xabar topilganidan so‘ng, Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar va Yong‘in havfsizligi boshqarmalari ekipajlari birgalikda zudlik bilan voqea joyiga etib borishdi va 28-avgust kuni soat 04:20 gacha konteyner ichidagi har biri 54 kilogrammga teng bo‘lgan 384 ta temir idishlar tashqariga olib chiqildi.
Olib chiqilgan idishlarning 109 tasining butunligi buzilganligi sababli voqea joyida zararsizlantirildi.
Hudud tegishli maxsus o‘lchov asbob-anjomlari bilan o‘rganildi va havoning konsentratsiyasi hamda radiatsion fon meyorida ekanligi aniqlandi.