TOShKENT, 24 avg — Sputnik. AQSh prezidenti Donald Trampning advokati va Nyu-Yorkning sobiq meri Rudolf Juliani Sky News telekanaliga bergan intervyusida, agar Oq uy rahbari impichment oqibatida o‘z lavozimidan chetlatilsa, AQShda qo‘zg‘olon bo‘lishi mumkinligi haqida gapirdi.
Julianining so‘zlariga ko‘ra, AQShning amaldagi prezidentini faqatgina siyosiy motivlar tufayli lavozimdan chetlatish mumkin va bunday taqdirda "amerika xalqi qo‘g‘olon ko‘taradi".
Ilgariroq Tramp agar noyabrda bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlarida demokratlar kongressda ko‘proq ovoz oladigan va impichment jarayonini o‘tkazadigan bo‘lishsa, xalqaro bozorlar "sinishi" haqida bayonot bergan edi.
Tramp atrofidagi mojarolar
Seshanba kuni Trampning sobiq advokati Maykl Koen nyu-york sudida ko‘rsatma berdi. Koenga ko‘ra, prezidentning saylovoldi fondi shaxsan milliarder ko‘rsatmasiga binoan uning sobiq jazmanlariga - pornoaktrisa Steffani Klifford va fotomodel Karen Makdugalga kattagina mablag‘ to‘lagan.
Avvaliga Tramp ushbu to‘lovlar haqida xabardor emasligini ta’kidlagan edi. Ammo keyinchalik OAVda audioyozuv e’lon qilindi, undan Tramp kamida bitta to‘lov haqida bilganini xulosa qilish mumkin.
Bu voqealar bilan bir vaqtning o‘zida Virginiya shtatidagi Aleksandriya sudida Tramp saylov shtabining sobiq rahbari Pol Manafort qator moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb tan olindi.
Trampning o‘zi Koenni qonunbuzarlikda va tergov bilan til biriktirib, yolg‘on ko‘rsatma berganlikda aybladi. Tramp, shuningdek, Manafortga bosim o‘tkazilganini aytgan.