O‘zbekiston maktablarida korporativ boshqaruv tizimi joriy etiladi

O‘zbekiston maktablarida kuzatuv kengashlari tashkil etiladi. Kengash a’zolari maktab direktorini saylashdan tortib, maktabdagi jarayonni to‘liq boshqarish huquqiga ega bo‘lishadi
Sputnik

TOShKENT, 24 avg - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. O‘zbekiston maktablarida korporativ boshqaruv tizimi joriy etiladi, deb ma’lum qildi juma kuni Xalqaro press-klub sessiyasida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov.

Vazirning aytishicha, O‘zbekiston prezidenti tomonidan ular oldiga xalq ta’limi tizimi boshqaruvini tubdan isloh qilish vazifasi qo‘yilgan.

"Bizning boshqaruv tizimimiz shu vaqtgacha o‘ta markazlashgan bo‘lgan. Bugungi kunda biz tizimni markazlashishdan to‘liq chiqarish va ota-onalarni maktabni boshqarishga jalb qilish bo‘yicha ishlarni olib bormoqdamiz", - dedi Shermatov.

Maktab formasini qayerdan sotib olish mumkin?

O‘zbekiston Xalq ta’limi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, endilikda O‘zbekiston maktablarida korporativ boshqaruv tizimi joriy etiladi.

"O‘zbekistonning har bir maktabida ota-onalar qo‘mitasi vakillaridan iborat kuzatuv kengashi tashkil etiladi. Ular to‘laligicha, maktab faoliyatiga jalb etilishi va maktabdagi jarayonni boshqarishi lozim. Bu kengash a’zolariga hatto maktab direktorini saylash huquqini beramiz. Bundan buyog‘iga maktab rahbarlari kuzatuv kengashi oldida hisobot beradi", - deb ta’kidladi Shermatov.

Vazirning aytishicha, ushbu kuzatuv kengashi maktabning moliyaviy holati to‘g‘risida to‘liq ma’lumotga ega bo‘ladi. Budjetdan qancha mablag‘ ajratilgani, bu mablag‘lar qaysi yo‘nalishda sarf etilayotgani masalalari shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, kengash a’zolari maktabdan tashqari qanday yo‘nalishlar ochilishi lozimligini hal etadilar, oshxonalar arendasiga tariflar o‘rnatish huquqiga ega bo‘ladilar va maktabning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni aniqlaydilar.

"Bu o‘zgarishlarning barchasi ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi, farzandlarimizning yaxshi ta’lim olishlari va kelajakda muvaffaqiyatga erishishlariga yordam beradi", - deb ta’kidladi Shermatov va tez orada O‘zbekiston prezidentiga ushbu soha boshqaruv tizimidagi islohotlarni o‘z ichiga olgan loyihani prezident e’tiboriga taqdim etishlarini qo‘shimcha qildi.