IIV pora beruvchilarni qo‘lga olishni boshladi

IIV nafaqat pora oluvchilar, balkim pora beruvchilarni ham qo‘lga olishni boshladi.
Sputnik

TOShKENT, 21 avg – Sputnik. Nafaqat pora olish, balki pora berish ham birdek jazolanadi, deyilgan IIV xabarida.

Xabarda aytilishiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ham poraxo‘rlik va ta’magirlik kabi salbiy illatlarga qarshi kurashish borasida qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Farg‘ona viloyatida 7 ming dollar pora so‘ragan deputat qo‘lga olindi

Xususan, iyul oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimi K.R. rahbariyat nomiga bildirgi bilan murojaat qilib, unda fuqaro R.A. qonunga xilof ekanligini bila turib, javobgarlikdan qutulish maqsadida o‘ziga nisbatan to‘plangan ma’muriy hujjatlarni ro‘yxatga olmaslik va “Tiko” rusumli avtotransport vositasini jarima maydonidan chiqarib berish evaziga pora taklif qilayotganligini ma’lum qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida fuqaro R.A. xodimga 195000 so‘m miqdoridagi pullarni pora tariqasida bergan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi.

Shu kabi, fuqaro B.A. ham unga nisbatan to‘plangan ma’muriy hujjatlar yuzasidan o‘ziga qonunga xilof ravishda yengillik yaratish va “Spark” rusumli avtotransport vositasini jarima maydonidan chiqartirib berish evaziga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimi D.L.ga 500000 so‘m miqdoridagi pullarni pora tariqasida bergan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi.

Xorazm viloyatida hokim o‘rinbosari pora olayotib qo‘lga tushdi

Shuningdek, Xorazm viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi xodimi R.N. o‘zining ish yurituvidagi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha gumon qilinuvchi N.T. unga jinoiy javobgarlikdan qutulib qolish evaziga pora taklif etayotganligini ma’lum qilib, yozgan bildirgisi asosida 2018-yilning avgust oyida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida fuqaro N.T. xodimga 400 AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora tariqasida bergan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan prokuratura organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi kelgusida ham fuqarolar tomonidan xodimlarga qonunga xilof ekanligini bila turib, pora taklif qilingan har bir holatga  nisbatan qonunda belgilangan tartibda murosasiz kurash olib boradi.