To‘y va marosimlarni maxsus komissiyalar tartibga soladi

O‘zbekistondagi barcha fuqarolar yig‘inlarida to‘y va marosimlarni tartibga soluvchi komissiyalar tuziladi.
Sputnik

TOShKENT, 14 avg – Sputnik. Ushbu yilning 14-avgust kuni Oliy Majlis Senatining to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda Senat axborot xizmati.

Majlisda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2018-yil 29 iyunda “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida”gi Qarorining hayotga tadbiq qilishining amaliy jihatlari o‘rganildi.

Senat vakili dabdabali to‘ylarni taqiqlash nega kerakli natijani bermasligini tushuntirdi

Xususan, yuqoridagi  Qarorda belilangan vazifalarning samarali ijro etilishini ta’minlash maqsadida Senat Kengashining majlisida “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarida To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar tuzish to‘g‘risida”gi Qaror qabul qilindi.

Qaror bilan komissiyalarning namunaviy nizomi va ularning namunaviy tarkibi ham tasdiqlandi.

Unga ko‘ra mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan birgalikda namunali oilaviy tadbirlar o‘tkazilishini tashkil etish, oilaviy tadbirlarni o‘tkazish vaqtida milliy qadriyatlarga zid bo‘lgan marosimlarga, nomaqbul odatlarga va ularning salbiy oqibatlariga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan targ‘ibot ishlari olib borish, urf-odatlarni mensimaslik, isrofgarchilik holatlarini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish kabi masalalar komissiyalarning asosiy vazifalari etib belgilandi.

Bundan tashqari, Qarorda mamlakatimizdagi barcha fuqarolar yig‘inlari huzurida oilaviy tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar tuzish belgilandi.