Prezident qurilish sohasi xodimlarini kasb bayrami bilan qutladi

Prezident ularga o‘z nomidan hamda xalq nomidan ezgu tilaklar va chuqur minnatdorlik bildirdi.
Sputnik

TOShKENT, 11 avg - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qurilish sohasi xodimlarini kasb bayramlari bilan tabrikladi, tabrik matni prezident rasmiy saytida e’lon qilindi.

Prezident ularga o‘z nomidan hamda xalq nomidan ezgu tilaklar va chuqur minnatdorlik bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev: obod mahallada obod ko‘ngil bo‘ladi

"Biz sizlarning timsolingizda o‘z mehnati bilan shahar va qishloqlarimizda, butun yurtimizda yangi ishlab chiqarish korxonalari, muhim ijtimoiy obyektlar, muhtasham uy-joylar, yo‘l va ko‘priklar barpo etib, hayotimizni yanada obod, go‘zal va tarovatli etish yo‘lida fidokorona mehnat qilib kelayotgan olijanob kasb egalarini ko‘ramiz", - deyiladi tabrikda.

Bundan tashqari, prezident iqtisodiyotda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, ijtimoiy hayotdagi ulkan o‘zgarishlar, jumladan, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida belgilab olingan vazifalar soha rivojini mutlaqo yangicha tarzda, zamonaviy ilm-fan va innovatsiya yutuqlari asosida tashkil etishni talab etayotganiga e’tibor qaratdi.

Mirziyoyev “Obod qishloq” davlat dasturi doirasida mamlakatdagi 159 ta tumanda 416 ta qishloqni obodonlashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan bosh rejalar asosida 320 ta maktab, 231 ta maktabgacha ta’lim, 148 ta sog‘liqni saqlash muassasasi va 77 ta mahalla fuqarolar yig‘ini binolari, ko‘plab ko‘cha va maydonlar, jamoat maskanlarida katta qurilish ishlari olib borilayotganini e’tirof etdi.