O‘zbekistonlik sportchilar Osiyo o‘yinlariga kuzatildi

Osiyo o‘yinlarida O‘zbekistondan sportning 30 turi bo‘yicha 232 nafar sportchi qatnashadi.
Sputnik

TOShKENT, 7 avg - Sputnik.  Milliy olimpiya qo‘mitasida sportchilarni 18-avgustdan 2-sentabrgacha Indoneziyada bo‘ilb o‘tadigan Osiyo o‘yinlariga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Osiyo o‘yinlarida O‘zbekistondan sportning 30 turi bo‘yicha 232 nafar sportchi qatnashadi.

Tadbirning tantanali qismidan so‘ng O‘zbekiston sport delegatsiyasi uchun eksklyuziv tarzda ishlab chiqarilgan sport liboslari taqdimoti o‘tkazildi.

"Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasiga chet el kompaniyalari tomonidan qiziqish bu darajada bo‘ladi deb o‘ylamagandik. Sport ekipirovkalari bo‘yicha chet el kompaniyalari bizga taklif bilan chiqishdi. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Xitoyning «QIERTE Co. Ltd» kompaniyasi tomonidan PRES-JOG brendi ostidagi sport liboslarini tanladi”, – dedi Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Jasur Matchanov.

Marosimda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, O‘zbekiston prezident devoni mas’ul xodimi Zafar Bakiyev, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Jasur Matchanov, yetakchi sportchilar, sport federatsiyalari vakillari va ommaviy axborot vositasi xodimlari ishtirok etishdi.

Aziz Abduhakimov delegatsiya bayroqdori Isroil Madrimovga tantanali ravishda O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘ini topshirdi.