Hokimlik Jahongir Ortiqxo‘jayevni TVda ko‘rsatmaslik to‘g‘risidagi xabar yolg‘onligini bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki Milliy teleradiokompaniya rahbariyati Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir  Ortiqxo‘jayevni televidenie orqali ko‘rsatilmaslik to‘g‘risida topshiriq olganligi haqida xabar tarqalgan
Sputnik

TOShKENT, 4 avg – Sputnik. Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki Milliy teleradiokompaniya rahbariyati Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir  Ortiqxo‘jayevni televidenie orqali ko‘rsatilmaslik to‘g‘risida topshiriq olganligi haqida tarqalgan xabar haqiqatdan yiroq ekanligini rasman bayon etdi.

Hokimlik matbuot xizmatining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bildirilishicha, Toshkent shahar hokimi ishtirokidagi lavha yoki maqolalarni ommaviy axborot vositalarida ko‘rsatishga hech qanday taqiq mavjud emas.

“Shu sabab, Toshkent shahar hokimiyati matbuot xizmati ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan yolg‘on ma’lumotlarga e’tibor bermasliklarini so‘raydi. Boz ustiga, ushbu ma’lumot “feyk” (haqiqiy egasi kimligi noma’lum) akkauntdan tarqatilmoqda”, deyiladi bayonotda.