TOShKENT, 3 avg – Sputnik. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanidagi “Shobboz” haftalik dehqon bozorida o‘g‘rilikda gumonlangan shaxs arqon bilan qo‘llaridan bozor kirish darvozasi ustuniga osib qo‘yilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi rasmiy ma’lumotida aytilmoqda.
Voqea 1-avgust kuni soat 6lar atrofida yuz bergan va ijtimoiy tarmoqlarda ushbu holat tasvirlangan videolavha tarqalgan.
“Fuqaro U.A. bozor hududida savdo qiluvchi odamlar tomonidan o‘g‘irlik sodir etganlikda shubhalanib ushlab turilgan fuqaro D.N.ni qo‘llarini arqon bilan bog‘lab, bozorning kirish darvozasi ustuniga osib, fuqaro D.N.ning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini kamsituvchi harakatlar sodir etgan”, - deyiladi rasmiy ma’lumotda.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro U.A.ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 229-moddasi (O‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqaro D.N.ning o‘g‘rilik jinoyatini sodir etgan yoki etmaganligi yuzasidan tergovda aniqlik kiritiladi va bu haqda tergov yakuniga ko‘ra qo‘shimcha axborot beriladi.