TOShKENT, 1 avg – Sputnik. 1-avgustdan GM Uzbekistan avtomobillari narxi oshmaydi, deb xabar berdi "O‘zavtosanoat" axborot xizmati.
"GM Uzbekistan” AJ avtomobillari narxlari o‘zgarmadi. Xalqaro press-klubning 30-iyulda bo‘lib o‘tgan sessiyasida muhokama qilingan avtomobillar narxi masalasi bugungi kunda tegishli tashkilotlar va ekspertlar bilan hamkorlikda ushbu masalaning ijobiy va salbiy jihatlari hisobga olingan holda har tomonlama o‘rganib chiqilmoqda", – deyilgan kompaniya tomonidan.
"O‘zavtosanoat" axborot xizmati shuningdek ijtimoiy tarmoqlarda avtomobillar narxi haqida tarqalgan ma’lumot va prays-listlar haqiqiy emasligini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, "O‘zavtosanoat" AK boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov dushanba kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub sessiyasida mahalliy avtomobillar narxlari 1-avgustdan 14%ga oshirilishini ma’lum qilgandi.