Mirziyoyev: fermerlar o‘z hosili uchun ma’suliyatni kuchaytirishi shart

Qishloq xo‘jaligida kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar belgilandi.
Sputnik

TOShKENT, 31-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 31-iyul kuni g‘o‘za rivojini jadallashtirish, g‘alla o‘rimidan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlar ekish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi. 

Prezident topshiriqlarini o‘z vaqtida bajarmagan 139 nafar mansabdor javobgarlikka tortildi

Joriy yil 4-iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektorda 5-iyuldan 5-sentabrga qadar “hosilga-hosil qo‘shish dolzarb ikki oyligi” e’lon qilingan edi. Yig‘ilishda shu borada amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. 

O‘tgan vaqtda g‘o‘za rivojining kechikishi bartaraf etilmagani, hali ham 8-10 kunga, ba’zi joylarda 12-15 kunga ortda qolish kuzatilayotgani ta’kidlandi. Ayrim tumanlarda paxta o‘z holiga tashlab qo‘yilgani, muhim agrotexnik tadbirlar vaqtida bajarilmagani, g‘o‘za chanqatib qo‘yilib, bu hosil yo‘qolishiga olib kelayotgani tanqid qilindi.

Qishloq xo‘jaligidagi vazifalarni bajarishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan tumanlar rahbarlariga tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. 

Paxta maydonlarida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish, g‘o‘zani chanqatmay, qator oralariga ishlov berish, kultivatorlardan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi. 

Yana bir muammo bu yil g‘o‘za zararkunandalari va hasharotlari ko‘payganidir. Olimlarning aniqlashicha, birgina ko‘sak qurti kapalagining qishdan chiqish darajasi 76 foizni tashkil etmoqda. Bu oxirgi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

“Hasharotlarning qishdan chiqish darajasi 50 foiz bo‘lganda favqulodda holat deb baholanadi. Bu yil esa hasharot 1,5 barobar ko‘p. Bundan barcha rahbarlar tegishli xulosa chiqarishi, ayniqsa, fermerlar o‘z hosili uchun ma’suliyatni kuchaytirishi shart”, - dedi davlatimiz rahbari.

Zararkunanda va hasharotlarga qarshi kurashish ishlarini tizimli tashkil qilish, g‘o‘zaga ilmiy yondashuv asosida kimoviy ishlov berish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. 

Yig‘ilishda g‘o‘zani sug‘orish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Suvdan maqsadli foydalanish, g‘o‘za maydonlarini sug‘orish jadvalini ishlab chiqish, uzoqdagi fermer xo‘jaligi dalasigacha suv yetib borishini ta’minlash, “sharbat” usulida sug‘orishni tashkil qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

G‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlar ekish, shartnoma tuzish va bo‘nak mablag‘lari berish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

Bugungi kunda dunyoda oziq-ovqat mahsulotlariga talab va ularning narx-navosi oshib bormoqda. Bunday sharoitda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirib, ichki bozorni arzon oziq-ovqat bilan to‘ldirish va eksport hajmini oshirish juda muhim hisoblanadi.

Shu maqsadda joriy yilda g‘alladan bo‘shagan 680 ming gektar maydonga takroriy ekin ekish belgilangan. Lekin oradan bir oydan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, joylarda ekish ishlari tizimli tashkil qilinmagan, to‘liq yakuniga yetkazilmagan.

“Takroriy ekin bu – birinchi navbatda eksport, ikkinchidan oziq-ovqat mahsulotlarining zaxirasi, ya’ni ichki bozordagi to‘kinlik va barqaror narx-navo degani”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekistonda ishsizlarga garovsiz kredit beriladi

Mutasaddi rahbarlarga takroriy ekinlar uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnik resurslarni to‘liq yetkazib berish va agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish, mahsulotlarni xarid qilish bo‘yicha qayta ishlash korxonalari, eksportor va tayyorlov tashkilotlari bilan shartnomalar tuzish, fermerlarga bo‘nak pullarini to‘lash yuzasidan topshiriqlar berildi. 

Aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, “Tomorqa xizmati” korxonalari faoliyatini jonlantirish, xonadonlarga urug‘lik, mineral o‘g‘it va boshqa zarur narsalarni yetkazib berish bo‘yicha vazifalar belgilandi. 

Mahalliy budjetga qo‘shimcha daromad tushirish zaxiralarini safarbar qilish, mahsulot va xizmatlarni eksport qilish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarni bajarish masalalari ham atroflicha muhokama qilinib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.