Prezident tabriklar uchun hamkasblari va xalqqa samimiy minnatdorlik bildirdi

Prezident O‘zbekistonning mehnatkash, mard va olijanob xalqiga chin yurakdan o‘zining cheksiz mehr va hurmatini bildirdi.
Sputnik

TOShKENT, 27-iyul – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev tavallud kuni munosabati bilan tabrik yo‘llagan barchaga o‘z minnatdorligini bildirdi, deb xabar berdi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev bu tabrik va tilaklarni O‘zbekiston xalqi va davlatiga yuksak hurmat va ehtirom ifodasi, respublikaning dunyo miqyosida ortib borayotgan obro‘-e’tibori va nufuzining yana bir yuksak e’tirofi sifatida qabul qilishini bildirdi.

Prezident O‘zbekistonning mehnatkash, mard va olijanob xalqiga chin yurakdan o‘zining cheksiz mehr va hurmatini bildirdi.

"Tavallud topgan kunim munosabati bilan chin dildan qutlab, o‘zlarining samimiy tabriklari va ezgu tilaklarini yo‘llagan davlat va hukumat boshliqlariga, xorijiy siyosat va jamoat arboblari, ishbilarmon doiralar vakillariga, xalqaro tashkilotlar rahbarlariga, yurtimizdagi mahallalar va mehnat jamoalariga, barcha vatandoshlarimga chuqur minnatdorlik izhor etaman", -deyiladi xabarda.

Prezident O‘zbekiston ravnaqi va xalq farovonligi yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilish uchun bundan buyon ham bor bilim va salohiyat, kuch-g‘ayratini safarbar etishini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni 61 yoshga to‘ldi. Prezidentga qator davlat va hukumat rahbarlari o‘z tabrik telegrammalarini yo‘llashdi.