Saviskiy muzeyidagi rasm 60 % emas 30-35 %ga zarar ko‘rgan – Akilova

O‘zbekiston Madaniyat vaziri yaqin orada barcha muzeylardagi o‘t o‘chirish tizimi prokuratura bilan hamkorlikda tekshirilishini aytdi.
Sputnik

TOShKENT, 26-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Akilova ushbu vaziyat yuzasidan Sputnik muxbiriga rasman izoh berdi.

"Asar 30-35 %ga zarar ko‘rgan, ijtimoiy tarmoqlarda yozilganidek 60 %ga emas", - dedi vazir o‘rinbosari.

Saviskiy muzeyidagi asar qanchalik zarar ko‘rgani ma’lum bo‘ldi

"Men ushbu voqeada ijtimoiy tarmoqlar o‘rniga alohida izoh bermoqchiman. Biz u yerdan yangiliklarni o‘z xodimlarimizdan ko‘ra oldinroq bilib olayapmiz. Men bu haqida payshanba kuni eshitdim va darhol muzey direktoriga qo‘ng‘iroq qildim", - deydi Akilova.

Shanba kuni vazir o‘rinbosari boshqa mutaxassislar bilan rasmni ko‘zdan kechirib, uni xorijiy restavratorlar yordamida qayta tiklashga qaror qilishadi.

"Biz Pushkin nomidagi Davlat San’at muzeyiga va Grabar nomli Rossiya badiiy ilmiy-restavratsion markazga xat yozdik”, - deydi Akilova.

Rossiyadan Pushkin muzeyi direktori Marina Loshak restavrator yuborishga rozi bo‘lgan. Shu bilan bir vaqtda Madaniyat vazirligi Luvrda o‘qigan oldin Saviskiy muzeyi kartinalarini restavratsiya qilgan Stanislav Xashimov bilan ham muzokaralar olib bormoqda.

Xolstga moybo‘yoq bilan chizilgan rasmning suvdan zarar ko‘rishi amri mahol - ekspert

Akilova aytishiga qaraganda asarning restavratsiya qilish xarajatlarini qurilish kompaniyasi to‘lashga rozi bo‘lgan.

Shu bilan birga muzeydagi o‘t o‘chirish tizimini almashtirishga qat’iy  qaror qilingan. Odatda muzeylarda gaz o‘rdamida o‘t o‘chiruvchi tizimlar o‘rnatiladi, lekin o‘z vaqtida Nukus muzeyida narxi arzon bo‘lgani tufayli suvli o‘t o‘chirish tizimi o‘rnatilgan.

Ayni damda kartina gorizontal holatda, mo‘’tadil horaratda saqlanmoqda. Hozir uni keskin quritib yubormaslik muhim vazifa. Muzey xodimlari tunu-kun uning yonida navbatchilik qilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Madaniyat vaziyari Baxtiyor Sayfullayev yaqin orada barcha muzeylardagi o‘t o‘chirish tizimi tekshirilishini va suvli tizimlar gazli tizimga almashtirilishini aytib o‘tdi.

Saviskiy muzeyidan qayg‘uli xabar

Muzey direktori lavozimiga sobiq direktor Marinika Bobonazarova qaytishi mumkinmi, degan savolga madaniyat vaziri quyidagicha javob berdi.

"Bu masalani hozircha ko‘rib chiqishning iloji yo‘q, chunki tergov davom etmoqda. Muzeyda inventarizatsiya olib borilmoqda. U tugaganidan keyin biz ushbu masalaga qaytishimiz mumkin", - dedi vazir.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada Saviskiy muzeyi durdonalaridan biri hisoblangangan Shevchenkoning "Chelak ko‘targan xotin" asari o‘t o‘chirish tizimining noto‘g‘ri ishlab ketishi oqibatida jiddiy zarar ko‘rgani haqida xabar tarqalgan edi.