Samarqanddagi o‘quvchilarga zo‘ravonlik qilingan maktabga maxsus ishchi-guruh yuborildi - XTV

Xalq ta’limi vazirligi har qanday ko‘rinishdagi zo‘ravonlikka qarshi ekanligini bildirdi
Sputnik

TOShKENT, 24-iyul – Sputnik. Xalq ta’limi vazirligi Samarqand shahridagi 64-sonli alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj o‘g‘il bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatdagi holatni o‘rganib chiqish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari bilan hamkorlikda vazirlikning maxsus ishchi guruhini yubordi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

“Xalq ta’limi vazirligining maxsus ishchi guruhi huquqni muhofaza qilish organlari vakillari bilan birgalikda surishtiruv ishlarini olib borishadi va o‘rganish natijalariga ko‘ra huquqbuzarlikka aloqador barcha shaxslar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan  tartibda javobgarlikka tortiladi”, - deyiladi vazirlik bayonotida.

Avvalroq OAVda mazkur maktab-internatda o‘quvchi bolalar qiynoqqa solinishi  haqida maqola e’lon qilingan va bu borada O‘zbekiston Bosh prokuraturasi maktab-internat direktori va xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgandi.

Samarqanddagi maktab-internat direktori va xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Samarqand shahridagi 64-sonli alohida saqlash sharoitlari, tarbiya va ta’limga muhtoj o‘g‘il bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internat og‘ir xulq-atvorga ega, uzoq muddat hisobda turgan, O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga ko‘ra huquqbuzarlik sodir etgan, biroq jinoiy javobgarlikka tortish yoshiga yetmagan 11−16 yoshdagi voyaga yetmagan bolalar joylashtiriladigan yagona muassasa hisoblanadi.

Shuningdek bu yerga individual profilaktik ishlar olib borilganiga qaramasdan huquqbuzarlik yoki boshqa g‘ayri ijtimoiy harakatlarni sodir etishda davom etuvchi bolalar ham keltiriladi. Bugungi kunda maktab-internatda jami 109 nafar o‘quvchi, 44 nafar o‘qituvchi va 34 nafar texnik xodim mavjud.

Xalq ta’limi vazirligi har qanday ko‘rinishdagi zo‘ravonlikka qarshi ekanligini bildirdi hamda jamoatchilik (ota-onalar, o‘qituvchilar, o‘quvchilar va boshqalar)ni zo‘ravonlik holatlarini aniqlashda hushor bo‘lishga hamda huquqbuzarlik aniqlanganda zudlik bilan Xalq ta’limi vazirligi va huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berishga chaqirdi.