Samarqanddagi maktab-internat direktori va xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jinoyat ishi doirasida 89 nafar maktab-internati tarbiyalanuvchilariga nisbatan viloyat sud-tibbiyot ekspertizasi burosi ekspertlari tomonidan guvohlantirish harakatlari o‘tkazildi
Sputnik

TOShKENT, 24-iyul – Sputnik. Samarqanddagi 64-sonli alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktori va xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, 2018-yil 23-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga fuqaro M.M. murojaat qilib, o‘z arizasida Samarqandning 64-sonli alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ta’lim olayotgan farzandi E.M. va boshqa tarbiyalanuvchilar internatning mansabdor va mas’ul shaxslari tomonidan qiynab, ularga tan jarohatlari yetkazilganligi haqida xabar bergan.

O‘zbekistondagi barcha bolalar uylarida videokuzatuv kameralari o‘rnatilmoqda

Mazkur holat Bosh prokuratura tomonidan alohida nazoratga olingan. Samarqand viloyati prokurori tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, maktab-internati direktori Sh.Sadinov va boshqalar mansab vakolati doirasidan chetga chiqadigan harakatlarni qasddan sodir etib, maktab-internatining o‘quvchilari, voyaga yetmagan X. (2001 y.t.), M. (2006 y.t.) va O‘. (2003 y.t.) larni maktab tartib-qoidalariga rioya qilmayotganliklarini ro‘kach qilgan holda ta’lim-tarbiya jarayonida ularga rahmsiz muomalada bo‘lib, muttasil ravishda urib, ularga turli darajadagi tan jarohatlari yetkazgan.

Samarqand viloyat sud-tibbiyot ekspertizasi burosining xulosalariga ko‘ra, M.M.ning farzandi E.ning tanasida qator jarohatlar mavjudligi, ular “Yengil tan jarohatlari” guruhiga kirishi aniqlangan.

“Jinoyat ishi doirasida 89 nafar maktab-internati tarbiyalanuvchilariga nisbatan viloyat sud-tibbiyot ekspertizasi burosi ekspertlari tomonidan guvohlantirish harakatlari o‘tkazildi, tarbiyalanuvchilarning ambulator kartalari bayonnomalar asosida olinib, o‘rganilmoqda”, - deyiladi xabarda.

Ushbu holat yuzasidan Samarqand shahar prokurori tomonidan 64-sonli maktab-internat direktori Sh.Sadinov va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a” bandi, 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Maktab-internat direktori Sh.Sadinov ushlangan, unga nisbatan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llash masalasi o‘rganilmoqda.