Deputat arzon uy-joylar narxi borasida Toshkent hokimidan tushuntirish berishni so‘radi

"Prezident qarori doirasida, soliq va boshqa to‘lovlardan bir qator imtiyozlarga ega bo‘lgan tashkilotlar tomonidan uy-joyga muhtoj, yetim-yesir yoki kam ta’minlangan aholi vakillari uchun qurilayotgan uy-joylar xuddi shunday sifat va kafolatga ega boshqa uy-joylardan ko‘ra qimmatroqqa tushmoqda", deb yozadi deputat
Sputnik

TOShKENT, 21-iyul – Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev fuqarolardan tushayotgan shikoyat va murojaatlar asosida Toshkent hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayev va “O‘zshahar qurilish invest" IK direktori Z.Narzullayevga Toshkent shahrining Sergeli tumanida aholini arzon uy-joylar bilan ta’minlash maqsadida qurilayotgan uy-joylar narxi yuzasidan deputatlik so‘rovi yubordi. Bu haqda deputat o‘zining Facebookdagi sahifasida ma’lum qildi.

“Sergeli tumanida bunyod etilayotgan arzon uy-joylarga talabgor fuqarolar o‘z murojaatlarida, badal pulini to‘lagan vaqtda uylarning bir kv metr narxi 2 841 170 so‘m bo‘lganligi, oradan 5 oy o‘tgach esa narx 3 981 697 ming so‘mga yoki (40,1 foizga) oshirib yuborilganligini bildirishgan”, — deb yozadi deputat o‘z so‘rovida.

Uning yozishicha, Toshkent shahrida arzon bo‘lmagan uy-joylar qurish va sotish bilan shug‘ullanayotgan boshqa tashkilotlarda esa OLX.UZ internet tarmog‘ida berilgan e’lonlarga ko‘ra, uy-joyning bir kv. metr uchun narxi 3,3 mln va 3,5 mln atrofida ekanligini ko‘rish mumkin. Masalan, “ELITE COMPLEX” tashkiloti aholi uy-joylarini qurishni kaliti bilan kv. metri uchun 3,5 mln so‘m narxda taklif etmoqda.

"Bundan ko‘rinib turibdiki, Prezident qarori doirasida, soliq va boshqa to‘lovlardan bir qator imtiyozlarga ega bo‘lgan tashkilotlar tomonidan uy-joyga muhtoj, yetim-yesir yoki kam ta’minlangan aholi vakillari uchun qurilayotgan uy-joylar xuddi shunday sifat va kafolatga ega boshqa uy-joylardan ko‘ra qimmatroqqa tushmoqda. Vaholanki, davlatimiz rahbari aholini uy-joy bilan ta’minlashda asosiy e’tibor oilada bir oila a’zosi ishlaganda ham uning oylik daromadi kreditga olinayotgan uyni qoplashga yetishi lozimligini ta’kidlab o‘tgan edilar", — deb yozadi Rasul Kusherbayev.

O‘zbekistonda arzon uy-joylar uchun dastlabki badal summasi kamaytirildi

Deputatning ta’kidlashicha, ayni vaqtda Sergeli tumanida qurilayotgan 43,57 kv metr uy-joyga boshlang‘ich badal to‘langanidan so‘ng imtiyozli davrda bir oy uchun kredit foizi to‘lovining o‘ziyoq 800 ming so‘m atrofida bo‘lsa, imtiyozli davrdan so‘ng 1 mln 464 ming so‘mga aylanmoqda. Xuddi shunday 79,6 kv metrli uy-joy esa badal to‘langanidan so‘ng kreditni qoplashga imtiyozli davrda har oyda 1 mln 720 ming so‘m, imtiyozli davrdan keyin esa 3 mln 160 ming so‘mga aylanmoqda. Bunday uy joylarni olishga talabgor kam ta’minlangan oilalarda esa aksariyat hollarda oylik daromadi har bir oila a’zosi jon boshiga hisoblaganda eng kam oylik ish haqining bir baravaridan ortiqcha bo‘lmaydi.

Deputat Jahongir Ortiqxo‘jayevdan Toshkent shahrining Sergeli tumanida aholi uchun qurilayotgan arzon uy-joylarning narxi, shu jumladan boshqa tashkilotlar qurayotgan uy-joylarga nisbatan qimmatligi yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berishingizni va mazkur muammoni hal qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida axborot taqdim etishni so‘ragan.