Haydovchilik guvohnomasi olib qo‘yilgani bilan alimentchida pul paydo bo‘lib qolmaydi – yurist

Dergunova qarzdorlik ko‘pincha aliment to‘lovchining ishga joylasha olmasligi yoki aliment miqdoridan noroziligi tufayli paydo bo‘lishini bildirdi.
Sputnik

TOShKENT, 20-iyul – Sputnik. Oila ishlari bo‘yicha advokat, Women’s Rights Watch kompaniyasi hammuassisi Viktoriya Dergunova aliment to‘lashdan bo‘yin tovlaydiganlardan qarzlarini undirishning samarali yo‘llari haqida aytdi.

Yuristning fikricha, agarda qarzdorning aliment to‘lash uchun puli bo‘lmasa, uning haydovchilik guvohnomasini olib qo‘yish vaziyatni o‘nglamaydi, balki aksincha qiyinlashtiradi.

"Bir tarafdan olib qaraganda, pul yo‘q bo‘lsa, bunday choralar qo‘llanilganida aliment to‘lovchining qo‘lida pul paydo bo‘lib qolmaydi. Shu bois men qarzdor qarzlarini to‘lashi uchun majburiy mehnatga jalb etilishi tarafdoriman. Yana bir yo‘li aliment to‘lash bo‘yicha maxsus davlat fondlarini tuzish. Ikki fuqaroning sudlashuvi boshqa, davlat bilan sudlashuv boshqa – davlat bilan sudlashishni hech kim xohlamaydi", — dedi Dergunova.

Aliment to‘lamagan shaxslardan haydovchilik guvohnomalari olib qo‘yilishi mumkin

U qarzini to‘lash imkoniyati bo‘la turib bundan bo‘yin tovlaydiganlarga nisbatan cheklovlar qo‘llanilishini samarali deb hisoblaydi.

"Xorijga chiqishni yoki avtomobil boshqarishni cheklash kabi usullar faoliyati xorijiy safarlar yoki transport bilan bog‘liq shaxslarga nisbatan judayam samarali. Rossiyada bunday choralar anchadan buyon muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda", — dedi u.

Dergunova qarzdorlik ko‘pincha aliment to‘lovchining ishga joylasha olmasligi yoki aliment miqdoridan noroziligi tufayli paydo bo‘lishini bildirdi.

Avvalroq O‘zbekistonda aliment to‘lamagan shaxslardan haydovchilik guvohnomalari olib qo‘yish amaliyotini joriy etish taklif etilayotgani xabar qilingandi.