TOShKENT, 20-iyul – Sputnik. Bugun ertalab Qoraqalpog‘istondagi Saviskiy nomli muzeydan qayg‘uli xabar keldi, deb yozadi o‘zining Facebookdagi sahifasida Murat Sarsenov.
Yong‘in o‘chirish tizimining noto‘g‘ri ishlab ketishi oqibatida, muzeyning eng mashhur asarlaridan biri – Aleksandr Shevchenkoning “Baba s vodrami” nomli kartinasi jiddiy shikastlangan.
“Baba s vodrami” haqida ikki og‘iz so‘z
Aleksandr Shevchenkoning neoprimitivizm uslubida chizilgan ushbu san’at asari Nukus muzeyining eng asosiy va taniqli ekspornatlaridan biri bo‘lgan. Aynan shu sababdan ushbu rasm ko‘plab ko‘rgazmalarga olib borilgan va namoyish etilgan. Markaziy Osiyo madaniy me’rosi observatoriyasi – xalqaro nodavlat, notijorat tashkilot – Alerte Heritage yozishiga ko‘ra, rasmning bugungi kundagi o‘rtacha narxi 1,5 million dollar atrofida.
Muzey nima deydi?
“Internetda ko‘plab paydo bo‘layotgan xabarlarga nisbatan shuni ma’lum qilamizki, 15-iyuldan 16-iyulga o‘tar kechasi 2 – ekspozitsiya blokining 3 – etajida o‘t o‘chirish tizimining suv sepadigan moslamalaridan biri (sprinkler) o‘z o‘zidan ishlab ketishi oqibatida A.Shevchenkoning “Baba s vodrami” kartinasi mayda suv zarrachalaridan zarar ko‘rgan. San’at asarining ayrim joylari xolstdan ajralib, shikastlangan. Muzey mutaxassislarining dastlabki xulosasiga ko‘ra, uni qayta tiklashning iloji bor. Ayni damda muzey ma’muriyati ushbu sa’at asarini qayta tiklash uchun yuqori malakalari mutaxassislarni jalb qilish uchun muzokaralar olib bormoqda”, - deyilgan muzey rasmiy xabarida.
Qayta tiklash mumkin-mi?
Alerte Heritage mutaxassislari yozishiga ko‘ra, rasm moyli bo‘yoq bilan chizilgani sababli unga sepilgan suv katta zarar yetkaza olmaydi, lekin vaziyatning xavfli jihati shundaki, rasm chizilgan mato (xolst) ho‘l bo‘lib tezda qurishi buyoqning undan ajralishiga olib kelishi mumkin. Ayni damda vaziyat qanchalik jiddiyligini bilishning iloji yo‘q, chunki muzey shikastlagan rasmning fotosuratini e’lon qilgani yo‘q.
Saviskiy nomli Nukus san’at muzeyidan olingan ushbu qayg‘uli xabar yagona emas. Bundan bir necha oy oldin muzey omborxonasida saqlanayotgan Nikolay Karaxanning “Nochnoy namaz” nomli kartinasi ham chirib ketishi oqibatida yaroqsiz ahvolga kelgani haqida xabar tarqalgan edi.
Afsuski, O‘zbekistonning boshqa muzeylarida vaziyat bundan yaxshi emas. Xususan, toshkentlik rassom Bobur Ismoilov Toshkent San’at muzeyida qimmatbaho me’ros hisoblangan san’at durdonalari issiqda qurib yorilib yotgani va muzey xonalarda kerakli namlik va haroratni saqlovchi moslamalar o‘rniga tog‘oralarga solingan suvdan foydalanilayotgani haqidagi hikoya bilan quyida tanishishingiz mumkin.