TOShKENT, 17-iyul - Sputnik. O‘zbekistonda 1-avgustdan boshlab Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga ishsizlik bo‘yicha sug‘urtalash tizimi joriy etiladi.
Qarorga muvofiq 2018-yil 1-avgustdan boshlab Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga quyidagilarga bir martalik subsidiyalar berilishini nazarda tutadigan ishsizlik bo‘yicha sug‘urtalash tizimi joriy etiladi:
aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarida ro‘yxatdan o‘tgan va tadbirkorlik faoliyatini boshlashni xohlovchi ishsiz shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish, kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun xarajatlarni eng kam ish haqining 2 baravari miqdorida to‘lash;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlariga mansub shaxslarni, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni zaxiralangan (kvotalangan) eng kam sondan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan tashkilotlarga – har bir qabul qilingan xodim uchun har oyda eng kam ish haqining 2 baravari miqdorida to‘lash. Bunda ishga qabul qilingan mazkur toifadagi shaxslarning bandligini eng kam son (kvota) oshgan sanadan boshlab kamida 12 oy davomida saqlash sharti nazarda tutiladi;
ish beruvchilarga – aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarining yo‘llanmasi bo‘yicha ishga qabul qilingan aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlariga mansub xodimlarni, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasbga qayta o‘qitish va ularning malakasini oshirishga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirishga har bir xodim uchun eng kam ish haqining 3 baravari miqdorida to‘lash.