Samarqandda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun yana ikki tuman IIB boshlig‘i ishdan olindi

Sputnik

TOShKENT, 16-iyul – Sputnik. Faoliyatida tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Samarqand viloyatidagi ikki tuman IIB boshliqlari lavozimidan bo‘shatildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar qildi.

Xabarda aytilishicha, ichki ishlar vaziri general-mayor Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh viloyatning Samarqand, Bulung‘ur, Jomboy, Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Paxtachi va Ishtixon tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahrida bo‘ldi.

Kattaqo‘rg‘ondagi holat yuzasidan qator xodimlar ichki ishlar organlari xizmatidan bo‘shatildi

Ishchi guruhning mazkur hududlardagi holatni batafsil o‘rganishi natijasida Samarqand tumanida og‘ir tan jarohati yetkazish, Kattaqo‘rg‘on, Oqdaryo tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrida firibgarlik, talonchilik kabi jinoyatlar oshib ketganligi aniqlandi.

Jomboy va Samarqand tumanlarida voyaga yetmaganlar, Kattaqo‘rg‘on, Urgut va Tayloq tumanlarida ayollar jinoyatchiligi, Bulung‘ur tumanida ilgari sudlanganlar jinoyati oshib ketgan.

“Faoliyatida yuqoridagi kabi tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi uchun Bulung‘ur tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik Abduhakimov Sodiq Abduhakimovich, Paxtachi tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik Abduhamidov Xayrullo Ubaydullayevich egallab turgan lavozimidan ozod etildi”, - deyiladi xabarda.

Samarqand viloyatida ishchi guruh tomonidan amalga oshirilayotgan o‘rganish davom etayotganligi va o‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etib borishi xabar qilingan.

Shov-shuvga sabab bo‘lgan Kattaqo‘rg‘on shahar IIBga yangi boshliq tayinlandi

Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahar ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili kapitan San’at Umarov o‘g‘irlikda gumon qilingan ayolni IIB binosida tahqirlagani tasvirlangan lavha internetda tarqalgan va katta shov-shuvga sabab bo‘lgandi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston IIV rasmiy saytida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligining qo‘shma farmoyishi bilan ishchi guruhi tuzilgani, ichki ishlar vaziri general-mayor P.Bobojonov rahbarligidagi ushbu ishchi guruhi Samarqand viloyati ichki ishlar organlari faoliyatini o‘rganayotganligi xabar qilingandi.