Moliya vazirligi kamomad va noqonuniy xarajatlarni aniqladi

Kamomad va o‘zlashtirishlar 35,9 milliard, noqonuniy xarajatlar 122,6 milliard so‘mni tashkil qildi.
Sputnik

TOShKENT, 16-iyul — Sputnik. Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2 837 ta nazorat tadbiri o‘tkazilib, 2 334 ta holatda moliyaviy intizomga rioya qilinmagani fosh etildi. Bu haqda Moliya vazirligining matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda aytilishicha, 2018-yilning birinchi yarmida 279,2 milliard so‘mning noto‘g‘ri sarflangani ma’lum bo‘ldi.

Shundan kamomad va o‘zlashtirishlar 35,9 milliard, noqonuniy xarajatlar 122,6 milliard so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, Moliya vazirligi huzuridagi jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan 120,7 milliard so‘mning maqsadsiz sarflangani aniqlandi.

Noto‘g‘ri sarflangan 56,8 milliard so‘m belgilangan tartibda tiklandi. 1 547 ta holat bo‘yicha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlariga yuborildi.

Hukumat va huquqni muhofaza qilish organlarining qaror va farmoyishlariga asosan 95 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlarda moliyaviy xo‘jalik faoliyati yuzasidan nazorat tadbiri o‘tkazilib, shundan 85 tasida 103,6 mlrd.so‘m miqdorida noqonuniy xarajatlar aniqlandi hamda tekshirish materiallari qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.