Kattaqo‘rg‘ondagi holat yuzasidan qator xodimlar ichki ishlar organlari xizmatidan bo‘shatildi

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-mayor P.Bobojonov rahbarligidagi ushbu ishchi guruhi Samarqand viloyati ichki ishlar organlari faoliyatini o‘rganmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 15-iyul – Sputnik. Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahar IIBning qator rahbar xodimlari ishdan bo‘shatildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi rasmiy saytida xabar qilindi.

Xizmat vazifalarini ijro etishda qo‘pol kamchiliklarga yo‘l qo‘yib, xodimlarning xizmat olib borish faoliyatini tegishli tartibda nazorat qilmagan hamda shaxsiy tarkib bilan yakka tartibdagi tarbiyaviy ishlar olib borilishini yetarli darajada tashkil etmaganliklari uchun Kattaqo‘rg‘on shahar IIB boshlig‘i Ilos Abduqahhorov, uning birinchi o‘rinbosari Izzatillo Xo‘djamqulov hamda kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari Zafar Sheraliyev, shahar IIB JQB boshlig‘i Alisher Shukurov Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan ichki ishlar organlari xizmatidan bo‘shatildi, viloyat IIB va shahar IIBning bir qator rahbar xodimlariga nisbatan boshqa intizomiy jazo choralari qo‘llanildi”, - deyiladi xabarda.

Shov-shuvga sabab bo‘lgan Kattaqo‘rg‘on shahar IIBga yangi boshliq tayinlandi

Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahar ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili kapitan San’at Umarov o‘g‘irlikda gumon qilingan ayolni IIB binosida tahqirlagani tasvirlangan lavha internetda tarqalgan va katta shov-shuvga sabab bo‘lgandi.

Xabarga ko‘ra, yuqoridagi voqea sodir etilishi bilan bog‘liq holatlarda xizmat vazifalarini bajarmagan Kattaqo‘rg‘on shahar IIB katta inspektor navbatchisi Nasim Aliyev va navbatchi yordamchisi Jahongir Shodiyevlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etildilar, ushbu IIB profilaktika inspektori Shamshod To‘xtayev esa ichki ishlar organlari safidan bo‘shatildi.

Yuqoridagi videolavhani tasvirga olgan va unda aks etgan holatlarni keltirib chiqargan San’at Umarov ichki ishlar organlari safidan bo‘shatilishi bilan birga, unga nisbatan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olingan. Jinoyat ishi bo‘yicha hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Kelgusida bu kabi salbiy holatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida, o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasi barcha darajadagi ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi orasida keng muhokama qilinmoqda”, - deyiladi xabarda.

Shuningdek, bunday holatlarga qat’iyan yo‘l qo‘ymaslik hamda ichki ishlar organlarida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash borasidagi faoliyatning ahvolini har tomonlama o‘rganish, aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish va tegishli chora-tadbirlar ko‘rish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligining qo‘shma farmoyishi bilan ishchi guruhi tuzildi. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-mayor P.Bobojonov rahbarligidagi ushbu ishchi guruhi Samarqand viloyati ichki ishlar organlari faoliyatini o‘rganmoqda.

Mazkur o‘rganishlar respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich o‘tkazilishi belgilangan.