TOShKENT, 13-iyul - Sputnik. Bir guruh fuqarolar murojaatlaridan so‘ng Toshkent viloyati sud-tibbiy ekspertiza burosi boshlig‘i Muhammadali Haydarov egallab turgan lavozimidan ozod etildi, to‘plangan materiallar esa prokuratura idoralariga yuborildi, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
"Sog‘liqni saqlash vazirligiga bir guruh fuqarolar yo‘llagan murojaatlardan so‘ng, Toshkent viloyati sud-tibbiy ekspertiza burosida xizmat tekshiruvi o‘tkazildi", - deyiladi xabarda.
Vazirlikning yuridik bo‘limi tomonidan Toshkent viloyati sud-tibbiy ekspertiza burosi faoliyati o‘rganilganda, haqiqatan ham, qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Tekshiruvda O‘zbekiston Respublikasida tan olinmagan diplom bilan shaxslarni davlat sud eksperti sifatida ishga qabul qilish, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarning noto‘g‘ri hisoblanishi va to‘lanishi aniqlandi.
Shuningdek umuman foydalanishga yaroqsiz bo‘lgan tibbiy vositalardan foydalangan holda ekspertiza o‘tkazish va xulosa tuzish kabi bir qator qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi.
Vazirlikning bildirishicha, to‘plangan materiallar aybdor shaxslarning javobgarligini hal etish uchun prokuratura idoralariga yuborildi.