Shov-shuvga sabab bo‘lgan Kattaqo‘rg‘on shahar IIBga yangi boshliq tayinlandi

Kattaqo‘rg‘on shahar IIB jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili kapitan San’at Umarov o‘g‘irlikda gumon qilingan ayolni IIB binosida tahqirlagani tasvirlangan lavha internetda tarqalib ketgandi
Sputnik

TOShKENT, 14-iyul – Sputnik. Podpolkovnik Farhod Eshboyevich Jo‘rayev Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston IIV rasmiy saytida xabar qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahar ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili kapitan San’at Umarov o‘g‘irlikda gumon qilingan ayolni IIB binosida tahqirlagani tasvirlangan lavha internetda tarqalgan va katta shov-shuvga sabab bo‘lgandi.

Mazkur holat yuzasidan IIV tomonidan berilgan bayonotda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan bunday salbiy holatlarni aniqlash, oldini olish va ichki ishlar organlari saflarini nopok, tasodifan kirib qolgan xodimlardan tozalash maqsadida, doimiy ravishda keskin choralar ko‘rib borilishi ma’lum qilingandi.