Toshkent shahri hokimi tadbirkor va investorlar bilan uchrashuv o‘tkazadi

Mazkur uchrashuv yakuni bo‘yicha shahar hokimligi tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 13-iyul – Sputnik. Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga ma’sul idoralar rahbarlari hamda tadbirkorlar va xorijiy investorlar bilan amaliy ishtirokida amaliy uchrashuv o‘tkazadi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv 14-iyul kuni 12:00dan 15:00ga qadar poytaxt hokimligi binosida o‘tkaziladi.

“Yangicha yondashuvda o‘tkazilayotgan ushbu uchrashuvda tadbikorlar va xorijiy investorlar Toshkent shahrini yanada ko‘rkam qilish, poytaxtimizda sanoat ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va boshqa barcha sohalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘z loyihalari bilan ishtirok etishlari mumkin”, - deyiladi xabarda.

Tadbirkorlardan loyihalarini slayd ko‘rinishida taqdim etishlari so‘ralmoqda.

Mazkur tadbirning muhim bir natijasi sifatida poytaxtda  turar joy binolarini qurishni rejalashtirgan tadbirkorlarga loyihalari tasdiqdan o‘tgach, Toshkent shahar hokimiyati Davlat sherikchiligi asosida yer uchastkalari ajratadi. Bunda turar joy binolarining qurilishi tugatilgach, davlatga ularni sotishdan tushgan daromaddan foiz to‘lanmaydi, balki umumiy xonadonlarning 10-15 foizi hokimlik tasarrufiga o‘tkaziladi va ushbu xonadonlar chin yetim, nogiron, kam ta’minlangan, boquvchisi yo‘q uy-joyga muhtoj aholi qatlamiga taqdim etiladi. 

Mazkur uchrashuv yakuni bo‘yicha shahar hokimligi tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.