TOShKENT, 12-iyul – Sputnik. Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida afg‘onistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikda intensiv bog‘ yaratiladi. Bu haqda tuman hokimi o‘rinbosari Sh.Maqsudov Xalq deputatlari Uzun tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi yig‘ilishidagi hisobotida ma’lum qildi.
Hisobotda ta’kidlanishicha, joriy yilda hududni rivojlantirish maqsadida 161 ta loyiha ishlab chiqilgan.
“Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro biznes-forumda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish maqsadida Rossiya, Afg‘oniston va Tojikiston tadbirkorlari bilan umumiy qiymati 8110 ming dollarlik hamkorlik memorandumi imzolandi. Ayni chog‘da afg‘onistonlik tadbirkorlar bilan 50 gektar yer maydonga intensiv bog‘ yaratish ishlari olib borilmoqda”, - dedi Sh.Maqsudov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Afg‘onistonga chegara oldi savdosini rivojlantirish, tranzit qilish uchun qulay sharoit yaratish hamda tarif va bojlarni kamaytirishni taklif qilgandi.