TOShKENT, 12-iyul — Sputnik. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 38 sessiyasida Yunusobod tumani hududida joylashgan Bodomzor yo‘li ko‘chasiga buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nomini berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, deb xabar qildi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining 2018-yil 2-apreldagi "Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qarorida Chingiz Aytmatov xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent shahrining markaziy ko‘chalaridan biriga adib nomini berish belgilangandi.
"Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nafaqat qirg‘iz eli, ayni paytda, butun turkiy mamlakatlar, jumladan, o‘zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo, O‘zbekistonning ulkan do‘sti edi", — deb qayd etilgan prezident qarorida.