Toshkentda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bosh shifokor ishdan bo‘shatildi

Xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan qaragan Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi bosh shifokori A.Zufarov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Sputnik

TOShKENT, 11-iyul — Sputnik. O‘z xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan qaragan Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi bosh shifokori A.Zufarov egallab turgan lavozimidan ozod etildi, deb xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi faoliyati o‘rganilganda, kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani ma’lum bo‘ldi.

O‘tgan qisqa vaqt davomida Sog‘liqni saqlash vazirligi, uning quyi bo‘g‘inlari, respublika va hududlardagi tibbiyot muassasalarida rahbarlar almashinuvi ro‘y berdi. Hududlarga respublika tibbiyot muassasalaridan 134 nafar professor, fan doktorlari rahbar lavozimlarga tayinlandi.

Tuman, shahar tibbiyot birlashmalari boshliqlari lavozimlariga viloyat davolash-profilaktika muassasalarida va tuman tibbiyot birlashmalarida faol ish olib borayotgan 183 nafar malakali kadrlar rahbar etib tayinlandi.