Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini mukofotlash jamg‘armasi tuzildi

Jamg‘arma mablag‘laridan faqat Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini har oy pul bilan mukofotlash uchun foydalaniladi.
Sputnik

TOShKENT, 10-iyul — Sputnik. "O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi, deb xabar qildi Adliya vazirligi "Huquqiy axborot" kanali.

O‘zbekistonda mashina oynasini qoraytirishga ruxsat beriladi: to‘lovi 15,5 million so‘m

Qarorga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari va Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi huzurida Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini rag‘batlantirish va mukofotlash jamg‘armasi tashkil etildi.

Yo‘l harakati qoidalari buzilganligi uchun Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan solinadigan va Ichki ishlar vazirligining Moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va boshqa harakatlar maxsus jamg‘armasiga tushadigan jarimalar summasining 10 foizi jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbai etib belgilandi.

Jamg‘arma mablag‘laridan faqat Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini har oy pul bilan mukofotlash uchun foydalaniladi.