Toshkentdagi "Malika" savdo majmuasida pichoqbozlik ro‘y berdi

Gumonlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, janjal uning singlisi va jabrlanuvchi o‘rtasidagi kelishmovchilik oqibatida yuz bergan.
Sputnik

TOShKENT, 10-iyul — Sputnik. Shayxontohur tumanidagi “Malika” savdo majmuasida sotuvchi va xaridor o‘rtasida pichoqbozlik sodir bo‘ldi. Toshkent shahar IIBB mazkur hodisaga izoh berdi, deb yozadi Sputnik muxbiri.

Hodisa 8-iyul kuni sodir bo‘lgan. Kelishmovchilik oqibatida xaridor sotuvchining ko‘krak qismiga pichoq uradi. So‘ngra o‘zining “Neksiya” rusumli mashinasida voqea joyidan qochib ketadi.

Andijonda yo‘lovchi haydovchiga pichoq urdi

Jabrlangan sotuvchi tibbiy yordam so‘rab Yunusobod tumanidagi 7-shahar klinik kasalxonasiga murojaat qilgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tezkor surishtiruv ishlari natijasida gumonlanuvchining shaxsi va boshqaruvida bo‘lgan avtomobil davlat raqami aniqlandi. Gumondor qo‘lga olingan bo‘lib, u ilgari sudlanganligi xabar qilinmoqda.

Gumonlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, janjal uning singlisi va jabrlanuvchi o‘rtasidagi kelishmovchilik oqibatida yuz bergan. Tergov harakatlari davom etmoqda.