TOShKENT, 10-iyulya – Sputnik. Havo harorati 40 darajadan ortiq bo‘lishi tufayli, Toshken avtobuslarida yo‘lovchilarga bepul suv tarqatila boshladi, deb xabar qilmoqda “Toshshahyo‘lovchitrans” matbuot xizmati.
“Toshkent shahrida ob-havoning keskin isib ketishi sababli, kunnig eng issiq vaqtlarida “Toshshahartransxizmat” AJ tarkibidagi avtokorxonalar rahbariyati tashabbusi bilan, imkon darajasida, yo‘nalish avtobuslarida yo‘lovchilarga bepul salqin ichimlik suvlari taklif qilinmoqda”, — deyilgan rasmiy xabarda.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zgidromet” ushbu kunlarda O‘zbekiston hududiga g‘ayritabiiy darajada issiq ob-havo kelishini xabar qilgan edi. Eron va Turkmaniston tomonidan esayotgan issiq shamol tufayli, 10 – 13-iyul kunlari havo harorati o‘rtacha yillik ko‘rsatgichlardan 5-7 daraja issiq bo‘lishi, Toshkent shahrida esa havo darajasi +40…+43 gacha chiqishi mumkinligi xabar qilingan edi.