Rossiyadagi o‘zbekistonliklarga "Mir" plastik kartalari beriladi

Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 9-iyul kuni MDH Bank-moliya kngashi vakillari bilan uchrashuvda bu borada kelishuvga erishgan.
Sputnik

TOShKENT, 10-iyul — Sputnik. Rossiyada o‘zbekistonlik migrantlar uchun loyal dastur joriy etiladi, deb xabar berdi Moliya vazirligi Telegramdagi sahifasida.

Rossiyadagi o‘zbekistonliklarga 150 ming rubl atrofidagi tibbiy sug‘urta hamda ma’lum bir summadagi puli bo‘lgan "Mir" kartalari beriladi.

"Mazkur dasturlar O‘zbekiston banklari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Shuningdek, migrantlar uchun ushbu dasturlar haqida ma’lumotlar beruvchi axborot markazlarini ochish rejalashtirilmoqda", — deyiladi xabarda.

Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 9-iyul kuni MDH Bank-moliya kngashi vakillari bilan uchrashuvda bu borada kelishuvga erishgan.

Sotsiologlarning ma’lumot berishicha, bugungi kunda uch million nafarga yaqin kishi O‘zbekistondan tashqarida mehnat qilmoqda. Rossiyadagi mehnat patentlari rasmiylashtirilgan migrantlarning 10 foizini O‘zbekiston fuqarolari tashkil etadi.