Umid Ahmadjonov: Bizga boqimanda klublarning quruq savlati kerak emas

O‘zbekiston klublari futbolchilarga ko‘tarma pullari bermaydi.
Sputnik

TOShKENT, 9-iyul – Sputnik. O‘zbekiston klublari futbolchilarga ko‘tarma pullari bermaydi. Bu holat 2019-yil uchun tuziladigan shartnomalarda o‘z ifodasini topadi, deb ma’lum qildi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov topshirig‘iga ko‘ra, davlat tomonidan moliyalashtirilayotgan klublarning shtat jadvali hamda infratuzilmasini tartibga keltirish ishlari boshlangan hamda ko‘tarma pullari masalasi bunda alohida o‘rin tutadi.

Imtihonlardan o‘ta olmagan hakamlar Superliga va Pro-liga o‘yinlaridan chetlashtirildi

 “Hali bir ishni qoyil qilib qo‘ymagan futbolchining klubga kelmay turiboq millionlab pul talab qilishini tushunish qiyin. U o‘z saviyasiga qarab oylik-maosh yoki mehnatlari evaziga mukofot pullarini talab qilishi mumkin. Shu vaqtgacha uning quruq savlatiga berilgan pul endilikda futbolchini tarbiya qilgan futbol maktablari hamda murabbiylariga yo‘naltiriladi. Bu o‘z navbatida bolalar futbolida faoliyat olib borayotgan murabbiylarni sifatli futbolchilarni yetishtirishga bo‘lgan intilishini kuchaytiradi”, — deb aytgan Umid Ahmadjonov O‘FA hamda PFL rahbariyati bilan uchrashuvda.

Matbuot xizmatining bildirishicha, ayni vaqtda O‘zbekistonda ko‘plab klublar davlat korxonalari tomonidan rag‘batlantiriladi.

“Qolaversa, ko‘tarma pullarini berish tartibi bir qator shubhalarga sabab bo‘lyaptiki, buning orqasidan futbolchi hamda manfaatdor tomon moliyaviy yutuqqa erishishi mumkin. Biroq futbol ham, klublar ham rivojlanib qolmayapti. Endilikda futbolchilar qilgan mehnati uchun va albatta yutug‘i uchun rag‘batlantiriladi. To futbol klublari xususiylashib, o‘rtada sog‘lom raqobat vujudga kelmaguniga qadar, ko‘tarma puli tushunchasi unutiladi”, deyiladi xabarda.

Umid Ahmadjonovning so‘zlariga ko‘ra, “Ayniqsa, bir yillik, yarim yillik bo‘lgan legioner futbolchilar uchun berilayotgan ko‘tarma pullari achinarli. Keladi, millionni cho‘ntagiga soladi, o‘ynasa o‘ynadi, o‘ynolmasa indamay qaytib ketaveradi”.

“Bizga boqimanda klublarning quruq savlati kerak emas. Davlat ularga suyanch bo‘layotganidan foydalanib, o‘z kelajaklari haqida qayg‘urishsin. O‘sha saviyasiz legionerlar bugun bor, ertaga yo‘q. Akademiya yoki stadionlar esa o‘zimizga qoladi, futbolimiz rivoji uchun xizmat qiladi”, — degan Umid Ahmadjonov.