Gruziyada dugonasining to‘rt yoshli qizchasini urib o‘ldirgan o‘zbekistonlik ayol hibsga olindi

Gruziya IIVning bildirishicha, onaning yoki ishonchli shaxsning roziligi yo‘qligi uchun bolaning jasadi dafn etilmay turibdi.
Sputnik

TOShKENT, 9-iyul – Sputnik. Batumida o‘zbekistonlik ayol dugonasining farzandini urib o‘ldirib qo‘ydi va politsiyaga taslim bo‘ldi, deb yozadi “Gruziya Onlayn”.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘zbekistonlik ayol to‘rt yoshli qizchasini o‘zbekistonlik dugonasi qaramog‘iga tashlab Turkiyaga ishlagani ketadi. Ayol 14-iyun kuni qizchani do‘pposlaydi va qizcha vafot etadi. So‘ngra ayol bolaning jasadini olib politsiya mahkamasiga keladi va uni hibsga olishadi.

Gruziya IIVning bildirishicha, onaning yoki ishonchli shaxsning roziligi yo‘qligi uchun bolaning jasadi dafn etilmay turibdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bolaning onasi ayni vaqtda Turkiyada bo‘lib, Batumiga qaytish imkoniyati yo‘q. Bolaning biologik otasi Gruziyada yashaydi, ammo qizchaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasida otasi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.