"Aqto‘be fojiasi": yonib ketgan avtobus ishi sudga oshirildi

Avtobuslar haydovchilariga nisbatan sud sanksiyasi bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi ko‘rilgan, kompaniya rahbari va mexanigiga nisbatan garov ehtiyot chorasi qo‘llanilgan
Sputnik

TOShKENT, 9-iyul — Sputnik. Aqto‘be viloyatida yuz bergan, 52 nafar o‘zbekistonlikning halok bo‘lishiga olib kelgan avtobus yong‘ini bo‘yicha jinoiy ish sudga oshirildi, deb xabar qilmoqda Qozog‘iston Bosh prokuraturasi.

Tekshiruv organi ma’lumotiga ko‘ra, bu ishda 5 kishi aybdor deb tan olingan, shulardan 3 nafari avtobus haydovchisi va ikki nafari "Aziya tranzit servis" kompaniyasi ishchisi.

Kompaniya avtobuslarni reysdan oldin ko‘rikdan o‘tkazish majburiyatini olgan bo‘lgan.

Avtobuslar haydovchilariga nisbatan sud sanksiyasi bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi ko‘rilgan, kompaniya rahbari va mexanigiga nisbatan garov ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Avtobus haydovchisi qamoqqa olish ehtiyot chorasi bilan xalqaro qidiruvga berilgan, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 18-yanvar kuni Chimkent-Samara avtotrassasida ichida 57 kishi bo‘lgan avtobus yonib ketgandi. Yong‘in oqibatida 52 nafar kishi halok bo‘lgan, 3 nafar qozog‘istonlik va 2 nafar o‘zbekistonlik fuqaro omon qolgan.