Shavkat Mirziyoyev dabdabali to‘ylar haqida: "Oddiy odamning g‘azabini keltirmaylik"

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni Toshkent shahri Olmazor tumani faollari bilan yig‘ilish o‘tkazdi.
Sputnik

TOShKENT, 2-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni Toshkent shahri Olmazor tumani faollari bilan yig‘ilish o‘tkazdi.

Shavkat Mirziyoyev: obod mahallada obod ko‘ngil bo‘ladi

Unda dabdabali to‘ylar mavzusida ham o‘z fikrlarini gapirdi. Yig‘ilish O‘zbekiston 24 telekanali orqali namoyish qilindi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston prezidenti avvaliga dabdabali to‘ylar uchun javobgar bo‘lgan shaxs topilganidan so‘ng to‘ylarni tartibga solish bo‘yicha qaror qabul qilinishini bildirdi.

"To‘yga o‘zi kim javob beradi?— Yomon to‘y bo‘ldi, bizga noma’qul to‘y bo‘ldi. — Kimga jazo berish kerak. Yana shu jazo beriladigan odamni topib keyin qaror qabul qilamiz", — deya aniqlik kiritdi O‘zbekiston rahbari.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, dabdabali to‘ylarni hech kim o‘z maoshi evaziga qilmaydi. Bu esa, og‘ir ahvolda kun kechirayotgan aholi g‘azabini keltirishi mumkin.

"Tasavvur qiling, oyligi yo‘q, ishi yo‘q, shifoxonaga borishga, dori olishga puli yo‘q odamga 20 ta mashinada to‘y qilgan odam qanday ko‘rinadi? Yoqadimi? Men o‘ylayman yoqmaydi. Adolatsiz. Man-man degan odamga bitta savol: shu zo‘r to‘y qilgan odam oyligiga qila oladimi? Eng oddiy fuqaromiz ham sal o‘zini tiklab olsin. Uni, kechirasiz, oddiy tilda aytganda, g‘azabini keltirmaylik", — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti olmazorliklardan to‘ylarni 50 kishi bilan o‘tkazishni boshlab berish va butun Toshkentga namuna bo‘lishga chaqirdi.

"Farzandlar kamolini ko‘rish, sog‘-salomat yurishsa, qanday baxt! Kichkinagina to‘y, to‘yni pulini bolangizni hisobiga o‘tkazib qo‘ying. O‘zlari to‘y qilsin. 50 kishi bilan to‘y qilishni Olmazor tumani boshlanglar. Ularni ham dardi bor o‘zi. Olmazor tumani to‘y-marosimlarni o‘tkazish bo‘yicha namunaviy tuman bo‘ladi shaharda. Senat qaror qabul qilayotganda to‘yni qanday ixcham o‘tkazishni shu tuman misolida ko‘rsatadi. Mahalla raisi chiqib, chiroyli tabrik va duoni qilib o‘tkazadi. Xavf-xatar bo‘lmaydi u yerda. 505ta mahallada bittadan namunaviy to‘y bo‘ladi,", — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbarining fikricha, to‘ylarni ixchamlashtirish masalasi shoshilmasdan hal etilishi kerak bo‘lgan muammolardan biridir.

"Shoshilib bo‘lmaydigan masala bu. Buni yetti marta o‘lchab-bir marta kesmasa bo‘lmaydi. Endi xalqni aldab bo‘lmaydi", — deb ta’kidladi O‘zbekiston prezidenti.