"Bu kunlarni 18-yil kutganman": prezident uy sovg‘a qilgan Oleg Oshepkov bilan uchrashuv

Karlar jamiyati a’zolari xuddi sizu-bizdek oddiy insonlar. Huquq va mehnat faoliyati tengligi haqida ko‘p gapirilsa-da, negadir jamiyat vakillari ularni "eshitmaslikka" oladiganlarga ko‘p duch keladi."Biz go‘yo zulmatda yashar edik. Bu kunlar kelishini 18-yildan beri kutardim. Umidim hech qachon so‘nmagan", deydi Oleg Oshepkov
Sputnik

TOShKENT, 30-iyun — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Hayotda g‘aroyib voqealar bo‘lib turadi. O‘zbekiston karlar jamiyati a’zosi Oleg Oshepkov ana shunday mo‘’jizani boshdan kechirgan insonlardan. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuni kecha Olmazordagi Karlar jamiyatining kar-soqovlar madaniyat markaziga tashrif buyurganida, Oshepkovlar oilasiga Toshkent shahridan uy sovg‘a qilgan.

"Men 102-karlar uchun mo‘ljallangan maktab-internatda o‘qiganman. Eshitish qobiliyatim yaxshi emas, nogironligim bor. Lekin bir umr raqqos bo‘lish orzusi bilan yashaganman. Ko‘pgina xorijiy davlatlarda o‘tkazilgan tanlovlarda g‘olib bo‘lganman", — deb o‘zi haqida hikoya qiladi Oshepkov. 

Oleg O‘zbekiston Karlar jamiyati a’zolari uchun ajratilgan obshejitiyeda 18-yildan buyon yashab kelar ekan.

"Kar-soqovlar madaniyat markazida ishlayman. Shuningdek, 102-sonli Kar-soqovlar maktabida ham. Men 56 nafar bolalardan iborat 3ta guruhga rahbarlik qilib kelaman. Yagona orzuim eshitish qobiliyati cheklangan bolalar hayotiga go‘zallik olib kirish, ularni hamisha xursand ko‘rish", — deydi u.

Oleg Oshepkov laureat mejdunarodnix konkursov

Suhbatdoshimning kayfiyati a’lo. Sababi, kuni kecha O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oshepkovlar oilasiga Toshkent shahridan uy sovg‘a qildi. Toshkent shahar Olmazor tumani hokimligi mutasaddilari ertaga, 1-iyul kuni qahramonimizga kvartira kalitini tantanali ravishda topshirishni rejalashtirgan.

U o‘z hayajonini yashirolmaydi. Chunki kvartira bu Olegni xursand qilgan yagona bahona emas.

Karlar jamiyati vakillari yashaydigan hudud to‘liq obodonlashtirilgan, ular istiqomat qiladigan obshejitie ham kapital ta’mirdan chiqarilgan. Har bitta xonaga eski romlar o‘rniga plastik romlar o‘rnatib berilgan.

Park radom s obshejitiyem obshestva gluxix Uzbekistana

Toshkent shahar IIBB jamiyatning ro‘yxatga olinmay qolib ketgan qismiga "propiska" masalasida yordam ko‘rsatgan. Jamiyat a’zolarining olti nafari O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan.

O‘zbekiston karlar jamiyati vakillari hayotini yengillashtirish maqsadida ular yashaydigan hududda har biri 100ta ishchi o‘rinlariga mo‘ljallangan 3ta blokdan iborat tikuv korxonalari barpo etilgan va tez kunlarda ishga tushishi rejalashtirilmoqda.

Rabochie mesta sozdannie dlya obshestva gluxix

Endilikda jamiyat vakillari ish so‘rab idoralarga zir qatnab sarson bo‘lmaydi.

Suhbat davomida Oleg qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, O‘zbekiston prezidentiga tinmay minnatdorlik bildiradi.

"Hammasi o‘zgardi. Hayot yaxshilandi. Mana shu o‘zgarishlar ro‘y berishini 18-yildan beri kutib yashaganman. Hech qachon umidni yo‘qotmaganman ", deydi u. Olegning ko‘zlarida cheksiz quvonch aks etadi.

Ha, hayotda ba’zan mo‘’jizalar bo‘lib turadi. O‘zbekiston karlar jamiyati a’zolariga ozgina bo‘lsa-da xursandchilik ulashish maqsadida, shu yerning o‘zida o‘rganib, imo-ishoralar tilida "Rahmat sizlarga, umidni yo‘qotmaganingiz uchun" deyman. Ularning chehralari yorishib ketadi.

Xayrlashuv chog‘ida shunday so‘zlarni aytishadi: "Biz kecha prezidentimizni obshejitiyeda ham kutgan edik. U kishiga hayotimizga yorug‘lik olib kirganlari uchun shaxsan rahmat aytmoqchi edik… Iltimos, prezidentimizga cheksiz minnatdorligimizni yetkazib qo‘ying".