Senatorlar to‘y-hasham bilan bog‘liq meyoriy hujjat qabul qilishmadi

Senatorlar fikricha, oilaviy tadbirlarni milliy qadriyatlar asosida, kamxarj, dabdabalardan xoli o‘tkazishni keng jamoatchilik va har bir inson ongli ravishda anglab yetmog‘i lozim.
Sputnik

TOShKENT, 29-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlisi o‘n beshinchi yalpi majlisida "To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlar ning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida"gi masala ko‘rib chiqildi. "Xalq so‘zi" nashri xabariga asosan.

Balandparvoz gaplar, to‘ylarni yo‘lda to‘xtatish menga kerak emas - Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston xalqining milliy urf-odatlari, hududlarning o‘ziga xosligidan kelib chiqib, senatorlar to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishi borasida yagona, qat’iy normalar belgilanishi maqsadga muvofiq emas, degan xulosaga keldi.

Zotan, o‘zbek xalqining xohish-irodasi to‘y-hasham va boshqa oilaviy tadbirlarni ixcham o‘tkazishni yo‘lga qo‘yishga muayan meyoriy hujjat bilan emas, odamlar o‘rtasida keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot, shaxsiy ibrat, namunali tadbirlar misolida erishish har jihatdan foydali ekanini ko‘rsatdi.

Senatorlar fikricha, oilaviy tadbirlarni milliy qadriyatlar asosida, kamxarj, dabdabalardan xoli o‘tkazishni keng jamoatchilik va har bir inson ongli ravishda anglab yetmog‘i lozim.

Mirziyoyev amaldorlarga to‘ylarga borishni man etdi

Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev dabdabali to‘y-marosimlarni nishonlaydigan davlat mansabdorlarini tanqid qilgan, dabdabali to‘ylar qilish o‘rniga muhtojlarga yordam berishga chaqirgandi.

"Bosh vazirdan boshlab hokimgacha, ijro organi rahbariga to‘y-marosimga borishi man etiladi. Choyxonalarning yonida davlat mashinasi turganini ko‘rgan kunim shartta ishdan olib tashlayman, jinoiy javobgarlikka tortaman. To‘y eng ko‘pi 150 kishiga, osh 200 kishiga bo‘ladi. Birorta rahbar uyida tug‘ilgan kunini ham, to‘yini ham mendan boshlab nishonlamaydi", — degan Mirziyoyev.

Prezident dabdabali to‘ylar qilish o‘rniga muhtojlarga yordam berishga chaqirgandi.

"Bo‘ldi, u zamonlar tugadi endi, odamlarning g‘ashini keltirapmiz, la’natini keltirapmiz. Marosim ham, to‘y ham rahbarlarsiz bo‘ladi. Bosh vazir boradi g‘o‘dayib hamma muovini bilan, hamma turadi… Sen o‘sha qilgan 20 kilogramm go‘shtingni puliga bitta kambag‘alning uyiga borib kraska qilib ber, televizor olib ber, noinsof", — deya ta’kidlagan davlat rahbari.