Musobaqa jarayonini Mudofaa vazirligi va harbiy okruglar mas’ul ofitserlari, oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari, Toshkent viloyati hokimligi vakillari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari va aholi (chipta to‘lovi asosida) kuzatdi.
"Mudofaa vazirligi qo‘shinlari o‘rtasida birinchi marotaba o‘tkazilayotgan ushbu tank biatloni musobaqasiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi. Bu kabi bellashuvlar kelgusidagi xalqaro musobaqalar uchun tramplin vazifasini o‘taydi. Yodingizda bo‘lsa, 2017-yil Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Xitoyning 22 ta poligonida 28 ta mamlakat harbiy xizmatchilari ishtirokida "ARMI-2017"uchinchi xalqaro armiya o‘yinlarida vakillarimiz faxrli o‘rinlarni egallagan edi", — deydi musobaqa bosh hakami polkovnik Alisher Alijonov.
Musobaqaning ikkinchi bosqichida Mudofaa vazirligi harbiy okruglari va Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtidan jami oltita jamoa ishtirokida T-62 tankida musobaqa o‘tkazildi.