TOShKENT, 21-iyun – Sputnik. O‘zbekistonlik abituriyentlar Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MGIMO)ning Odinsovo filialiga kirish uchun respublikaning o‘zida test sinovlarini topshirishlari mumkin. Bu haqda uznews.uz xabar bermoqda.
22 va 23-iyun kunlari MGIMO-Odinsovo filialining bakalavriat yo‘nalishiga o‘qishga kirishni xohlovchi abituriyentlar uchun rus va ingliz tillari bo‘yicha dastlabki test sinovlari bo‘lib o‘tadi.
Institutda bakalavriat yo‘nalishining yurisprudensiya, iqtisodiyot, menejment, biznes-informatika, davlat va munitsipal boshqaruv, siyosatshunoslik va lingvistika ixtisosliklari bo‘yicha tahsil olish mumkin bo‘ladi.
23 iyun kuni magistratura yo‘nalishiga kirishni xohlovchilar uchun o‘quv dasturlari bo‘yicha taqdimot o‘tkaziladi hamda maslahatlar beriladi.
Xabarda aytilishicha, test sinovlarida qatnashish bepul bo‘lib, qatnashuvchilar soni chegaralangan, ya’ni jami 150 talabgor ishtirok etishi mumkin.
Sinovlarda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish talab qilinadi.