Inson aslida qanday bo‘lishini o‘rgatganing uchun rahmat senga, O‘zbekiston - AQShlik sayyoh

U o‘zbekistonliklarning ziyoli, mehribon va mehnatsevar deya ta’riflaydi va o‘zbeklar bu xislatlarini butun dunyoga yoyishlarini aytadi.
Sputnik

TOShKENT, 21-iyun — Sputnik. O‘zbekistonga sayohat qilgan amerikalik Stefan Braun ismli yigit Instagramdagi sahifasida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, bu diyorni o‘zi sayohat qilgan 20 mamlakat ichida eng yaxshisi deb atadi.

"Bir oy ilgari hayotimdagi eng buyuk sarguzashtni boshimdan kechirdim… O‘zbekiston. Men sayohat qilgan barcha 20 mamlakat ichida O‘zbekiston men uchun eng yuragimga yoqimlisi bo‘ldi.

Ajoyib mehmondo‘stlikdan tortib mahalliy aholining do‘stona munosabati meni xuddi o‘z uyimdagidek his qilishimga sababchi bo‘ldi. Har bir kunim tabassum bilan o‘tdi, har kuni yangi do‘stlar orttirdim va har tong muammolarni unutgan holda uyg‘ondim. Keyingi yillarda matbuotda O‘zbekistonni "terrorchi" davlat deb atashgandi, ammo bu yurt bunday illatdan juda yiroqda", deb yozadi u.

U o‘zbekistonliklarni ziyoli, mehribon va mehnatsevar deya ta’riflaydi va o‘zbeklar bu xislatlarini butun dunyoga yoyishlarini aytadi.

"Bir kishining xatosi uchun butun bir mamlakatni ayblash noto‘g‘ri. Men matbuotdagi so‘zlarga ishonish o‘rniga yuragimga quloq solib O‘zbekistonga kelishga qaror qilganimdan judayam xursandman. Men bir umr yodimdan chiqmaydigan xotiralar va do‘stlarga ega bo‘ldim. Meni nafaqat dunyo fuqarosi bo‘lishda davom etishga ilhomlantirganing, balki haqiqiy inson aslida qanday bo‘lishini o‘rgatganing uchun rahmat senga O‘zbekiston", deb yozadi u.

Amerikanes Stefan Braun